Jahon | 12:31 / 19.04.2016
1854
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: AQShning NATO doirasida Yevropa bilan hamkorligi xomxayoldan o‘zga narsa emas

AQSh prezidentligiga respublikachilardan nomzod Donald Trampning NATOni tanqid qilishi Yevropada xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

"AQShning alyans doirasida Yevropa bilan hamkorlik qilishi xomxayoldir", deb yozadi Business Insider nashri.

Maqolada qayd etilishicha, Yevropa so‘nggi vaqtlarda xavfsizlik masalasida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Biroq, YeI mamlakatlari, NATOdan boshqa harbiy kuchga ega emas. Shu tufayli, AQSh NATO imkoniyatlariga ishonmay, endilikda uni xavfsizlik garovi bo‘la olmaydi, deb hisoblayotganidan YeI xavotirlanmoqda.

Aslida ham shunday, deb fikr yuritadi maqola muallifi.

"Yevropaliklar harbiy qudratdan foydalanish masalasida hal qiluvchi ovozga ega bo‘lishdan umid qilishgandi. Biroq, Yevropa davlatlari kuchlari aytarli katta bo‘lmagani sabab, ko‘p hollarda ularning qurolli mojarolardagi ishtiroki shunchaki ramziy ma'noni kasb etib keldi. AQSh esa alyansdagi ittifoqdoshlari so‘zlarini tobora kamroq tinglamoqda", deya davom etadi tahlilchi.

Ittifoqda qurolli kuchdan imkon qadar foydalanmaslikni ko‘zda tutuvchi "yumshoq kuch" konsepsiyasi paydo bo‘lgan edi. Ammo, bu davr talabini inkor etishdan boshqa narsa emasligini yevropaliklar ancha kech anglashdi.

Bundan tashqari, Sobiq Ittifoq parchalanganidan so‘ng, alyansni tashkil etishdagi asosiy maqsaddan chetga chiqildi, u yevrointegratsiya vositalaridan biri bo‘lib qoldi.

"Qoidaga muvofiq, NATO a'zolari o‘z YaIMning kamida 2 foizini mudofaa maqsadlariga sarflashi lozim. Ammo Yevropaning ayrim davlatlari shunday imkoniyatga ega xolos. Tashkilotning boshqa a'zolari shunchaki bu qoidani bilmaganga olishadi. Umuman olganda, Yevropa ushbu ko‘rsatkichga yaqinlasha ham olmaydi. Shunday ekan, AQSh xarajatlar o‘rtasidagi tafovutning kattaligini yaxshi anglagan holda, Yevropaga ovoz huquqini taqdim etmasligi tushunarlidir", deb xulosa qiladi maqola muallifi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp NATOni eskirgan va iqtisodiy jihatdan befoyda tashkilot sifatida baholagan edi.