Jamiyat | 14:28 / 19.04.2016
2200
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan diniy ekstremistik guruh faoliyatiga nuqta qo‘yildi

GTA… ko‘cha bezorisi haqidagi o‘yin. Bu o‘yinni o‘smirlik davrida o‘ynamagan, undagi voqealar rivojiga qiziqib, o‘yinning yangi variantlarini kompyuteriga o‘rnatmagan tengdoshimiz bo‘lmasa kerak. Albatta, bu o‘yinni hamma ham birday yoqtirib o‘ynagan, degan xulosadan yiroqman. Biroq bosqinchilik, bezorilik, vahshiylik va qotillikni, o‘rtasida zo‘ravonlik va zulmni, tahqirlash va adovatni targ‘ib etuvchi o‘yin – inson ruhiyatiga ta'sir etmay qolmaydi.

Qolaversa, bunday o‘yinlar yoshlarni tartibsiz, xudbin va adovatli bo‘lib ulg‘ayishiga zamin yaratadi. Lekin bu o‘yin hayotga ko‘chsa-chi? Bu endi haqiqiy fojyeaga aylanishi shubhasiz.

2014 yil Moskvada bir guruh markaziy osiyolik yoshlardan iborat to‘da tomonidan shunday jinoyatlar seriyali ravishda sodir etila boshladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ularga qarshi kurash davomida to‘da rahnamosi sanalgan Ibaydullo Subxanov yo‘q qilinadi. Shundan so‘ng sud tomonidan to‘da a'zolariga nisbatan sud hukmi o‘qilib, ular bir necha yillarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Joriy yilning fevral oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudida aynan shu ishlarni amalga oshirgan 5 kishidan iborat to‘daning jinoiy qilmishlari ustidan hukm o‘qildi. Ularning jinoiy qilmishlari “O‘zbekiston” teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan “GTA yoxud o‘yinga aylangan hayot” ko‘rsatuvida batafsil ochib berildi.

O‘zbekiston hududida o‘g‘irlik, talon-tarojlik bilan shug‘ullangan va qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rgan diniy ekstremistik guruhni tashkil qilgani uchun turli muddatga qamoq jazolariga mahkum qilingan bu guruhga yetakchilik qilgan Furqat Jo‘rayev 12 yillik, uning 4 ta sherigi 5,5 yildan 7 yilgacha qamoq jazosiga tortildi. Barcha ayblanuvchilar o‘z aybini to‘liq tan oldi. Bundan tashqari, F.Jo‘rayev Rossiyada bosqinchilik, nomusga tegish, giyohvand modda tayyorlash va sotish aybi bilan 5 yillik qamoq jazosini o‘tagandan keyin O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Jo‘rayev aybini tan oluvchi ko‘rsatmalar berish davomida Rossiyada bo‘lganda Moskva viloyatida harakat qilgan ” GTA bandasi” deb nomlanuvchi jinoiy to‘da a'zolari bilan tanishib qolgan, u shundan keyin “jihod” g‘oyalari asosida O‘zbekistonda ham shunday to‘dani tashkil qilmoqchi bo‘lgan. Furqat Jo‘rayevdan tashqari, to‘daning Aramais Avakyan, Murodulla Qayumov va Elmir Bekmambetov ismli a'zolari ham 2013 yilda Rossiyada uch yil ishlagach, O‘zbekistonga qaytib kelishgan. Bu kimsalar Rossiyada markaziy osiyoliklar bilan muloqotda bo‘lgandan keyin, ular tomonidan radikal islom tashkilotlarining tashviqotiga jalb qilingan.

O‘zbekistonga qaytib kelgandan so‘ng ham mazkur guruh o‘zaro birlashgan holda qator jinoyatlarni uyushtirishni maqsad qilgan. Sud jarayoni esa bevosita xorijda istiqomat qilayotgan ayrim yurtfurush xoin jurnalistlar tomonidan go‘yoki O‘zbekistonda o‘zga millat vakillariga nisbatan adolatsizlik qilinayotganligi haqida asossiz, bo‘hton ma'lumotlardan iborat maqolalar tayyorlab, go‘yoki jahon jamoatchiligi e'tiborini shu mavzuga qaratmoqchi bo‘lishdi.