Toshkentdagi Inha universitetida O‘zbekiston – Janubiy Koreya ilmiy-amaliy forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkentdagi Inha universitetida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Janubiy Koreya ilmiy-amaliy forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Tadbirda ikki mamlakatning aloqa, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, dasturiy ta'minot va elektron mahsulotlar ishlab chiqarish kabi qator sohalarga ixtisoslashgan kompaniya va konsernlari, ilmiy tadqiqot markazlari vakillari, ishbilarmonlar, olimlar, yetakchi ekspertlar hamda nufuzli ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Forumda mehmonlarga O‘zbekistonda AKT sohasini rivojlantirish, bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma'lumot berildi. Janubiy koreyalik mutaxassislar O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlari va jamiyat hayotiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, IT-sanoati strategiyasini yanada takomillashtirish, texnologiyalar va infratuzilmalarni rivojlantirish, sohada kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi.
Forumda dasturiy ta'minot mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish va eksport qilish, bu borada Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasini o‘rganishga alohida ahamiyat qaratilayotgani qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari biznes vakillari bilan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida yuqori malakali IT-mutaxassislarini tayyorlash borasidagi hamkorlik, AKTni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari, mazkur tarmoqning iqtisodiyotni rivojlantirishda tutgan o‘rni, venchur fondlarini tashkil etish imkoniyatlari kabi masalalar yuzasidan fikr almashdi.
O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollari, tarmoqda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Forum doirasida Toshkentdagi Inha universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi biznes vakillari o‘rtasida mazkur universitetda Maslahat kengashini tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.