Jahon | 17:20 / 19.04.2016
1824
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda maxfiy hujjatlarni pullagan sotqinni o‘limga mahkum etishdi

Xitoy Xalq Respublikasi sudi xorij xufiya xizmatiga maxfiy hujjatlarni sotgani uchun o‘z fuqarosini o‘lim jazosiga mahkum qildi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi orqali ma'lum qilingan.

Telereportajga ko‘rsatilishicha, Xuan Yuy ismli kishi 1997-2004 yillarda Chendu shahridagi davlat ilmiy tadqiqot kriptografik institularidan birida kompyuter mutaxassisi sifatida ishlagan.

2002 yili ishdan ketishidan avvalroq, u o‘z tashabbusi bilan qaysi davlatga doirligi aytilmayotgan xorij razvedkasi bilan bog‘lanadi va maxfiy ma'lumotlarni sotishni taklif qiladi.

Mahkum umumiy hisobda xorij maxsus xizmatiga 150 mingta material yetkazgan. Ulardan 90tasi “alohida muhim”, 292tasi “o‘ta maxfiy” grifli va 1,7 mingtasi “maxfiy” ma'lumotlar sirasiga kirgan.

Shu yillar davomida u o‘z xizmatlari uchun umumiy miqdorda 700 ming dollar pul olgan.

Hukumat uni 2011 yilda hibsga olgan va ushbu mablag‘ni musodara qilgan. Unga oldi-sotdida yordam bergan rafiqasi esa besh yillik qamoqqa hukm etildi.

Hujjatdagi ma'lumotlar begona qo‘llarga tushishi oqibatida “mamlakatning partiyaviy, siyosiy, harbiy va moliyaviy aloqalari shifrlangan kanallari xavfsizligiga jiddiy ziyon yetgan.

Belgilangan o‘lim jazosi amalga oshirilgani to‘g‘risida xabar berilmagan.