19:06 / 20.04.2016
2857

Baxtiyor Qosimov: Hamlet armoni

Xabaringiz bor, 7 aprelda aktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Baxtiyor Qosimov vafot etgandi. Bir oz vaqt o‘tib, “Darakchi” gazetasi aktyorning bolalik xotiralari, kino va teatr san'atidagi faoliyati va qo‘shgan salmoqli hissasi haqida maqola chop etildi.   

 “Hamletni ijro etish armonga aylandi” sarlavhasi ostidagi maqolada aktyor bilan bo‘lib o‘tgan eski suhbatdan parchalar keltirib o‘tilgan.  Ushbu suhbatda aktyor o‘z bolalik xotiralarini yodga olarkan, 4 sinfgacha a'lo baholarga o‘qigani, so‘ng o‘qishdagi o‘zlashtirishi bir oz pasayganini so‘zlab bergan.

—   Buning boisi, 1964 yil oktabr oyidan hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qatnardim. Uning ohanrabosi meni butunlay o‘ziga rom qilib qo‘ygandi. Bu teatrning yetakchi aktyori — otam Ne'mat Qosimov sabab san'atga kirib qolganman. Shu yili Alisher Navoiy spektaklida Mo‘min Mirzo rolini o‘ynaganman, Olim Xo‘jayev esa Navoiy obrazida edi, — deya eslaydi Baxtiyor Qosimov.

8 sinfni tugallab so‘ng 82 maktabda 9-10 sinflarni o‘qigan. Bu muddat orasida kinostudiyada Nazira Aliyevadan aktyorlik mahorati bo‘yicha ham dars ola boshlagan. Ijod “ummoni”da suzib ko‘rgan Baxtiyor Qosimov 1965 yildan dublyajga qatnay boshlagan. 1966 yildan kinoga ham qadam qo‘yib, shu yili ijodiy guruh bilan suratga olish uchun uch oyga Bishkek (avvalgi Frunze)ga jo‘nagan. Maktabni bitirib, 1970 yil xujjatlarini hozirgi O‘zbekiston Davlat san'at va madaniyat institutiga topshirgan. Institutga qabul qilingandan so‘ng O‘zbekiston xalq artisti Elyor Nosirov bilan kursdosh bo‘lgan.

Institutni tamomlagan aktyor hozirgi O‘zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilingan. Uch oydan so‘ng esa harbiy xizmatni o‘tab kelib, ishini yana davom ettirgan. Teatrda 25 yil ishlab, 1994 yilda ba'zi sabablarga ko‘ra o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shagan.

Baxtiyor Qosimovning teatr bilan bog‘liq armoni — o‘zi orzu qilgan Hamletni ijro etolmagan.

Eslatib o‘tamiz: Baxtiyor Qosimov 7 aprel kuni tungi 1:30 da o‘pka saratonidan vafot etdi.

Top