Jahon | 11:52 / 20.04.2016
1684
4 daqiqa o‘qiladi

Facebook AQShdagi saylov natijasini o‘zgartira oladimi?

Haftada bir marta Facebook rahbari Mark Tsukerberg kompaniya xodimlarining savollariga javob beradi. Har bir shunday uchrashuvdan oldin ichki so‘rov o‘tkaziladi - xodimlarga muhokama uchun mavzu tanlash va javob olmoqchi bo‘lgan savollarga ovoz berish taklif etiladi. Bu haqida Meduza Gizmodo nashriga tayanib ma'lum qildi.

4 mart kuni mana shunday so‘rovda bir savol yuzaga keldi: "Facebook Trampning prezident bo‘lishiga xalaqit berishi kerakmi?"

Nashr muharriri Maykl Nunes Facebook Trampning kampaniyasiga imkon bermaslik uchun o‘z resurslarini qo‘llashi mumkin yoki mumkin emasligi haqida mulohaza yuritadi.

Gizmodo Mark Tsukerbergning bu savolga munosabatiga oydinlik kirita olmadi, ammo ishlab chiquvchilar uchun o‘tkazilgan anjuman davomida u kutilmaganda Donald Tramp to‘g‘risida so‘z ochdi. Siyosatchining nomini tilga olmay, Tsukerberg Trampning ko‘pgina takliflariga salbiy munosabat bildirdi, muhojirlik siyosatining qat'iylashtirilishi va internet erkinligini cheklash haqidagi fikrlari Tsukerbergda norozilik uyg‘otgan.

Maykl Nunesning ta'kidlashicha, Facebook nafaqat oddiy internet tarmog‘i, balki butun dunyo bo‘ylab milliardlab odamlar kundalik foydalanadigan mediadir: "Bu yerda yangiliklardan boxabar bo‘lamiz, siyosiy qarashlarimizni shakllantiramiz va siyosiy arboblar bilan muloqot qilamiz. Siyosatchilarning o‘zi ham Facebook'ga ko‘p mablag‘ sarflaydilar".

An'anaviy media, shu jumladan internet nashrlar o‘z ishlarida professional standartlarga amal qiladi. Misol uchun, yangiliklar bilan tanishtirish davomida ular obektivlikka rioya qilishlari kerak. Facebook bunga majbur emas. Ijtimoiy tarmoq rahbari istasa, nobop nomzod haqidagi barcha ma'lumotlar bir lahzada yo‘qoladi. Memlar va viral kontentlarga tayanuvchi kompaniya uchun bu jiddiy zarba. Facebook kerakli nomzodni targ‘ib ham qilishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqning o‘z harakatlari uchun javob berishga majbur qiluvchi hech qanday qonun yo‘q.

Gizmodo'da nashr qilingan maqoladan so‘ng Facebook rahbariyati bunga munosabat bildirdi: "Saylovlarda qatnashish - demokratiyaning eng muhim institutlaridan biri. Bizning vazifamiz - bu jarayonda fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, shuning uchun barcha siyosiy kuchlarni bizning platformamizdan foydalanishga chaqiramiz. Biroq kompaniya sifatida biz betarafmiz: biz o‘z manbalarimizdan odamlarning ovoz berishiga ta'sir qilish maqsadida foydalanmaganmiz va kelajakda ham foydalanmaymiz".

Facebook'ning yangiliklar ustunining algoritmini o‘zgartirish va shu bilan kuzatuvchilarning nima ko‘rishiga ta'sir qilish qarori bosh muharrirning qaysi materialni eng oldinga qo‘yish qaroridan farq qilmaydi. Biroq odatiy media o‘z o‘quvchilaridan siyosiy qarashlarini yashirib o‘tirmaydi - har bir gazetaning u yoki bu masalaga nisbatan munosabati tarixini kuzatish mumkin. Facebook'da esa kompaniyaning munosabatini anglash imkoniyati yo‘q.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish