Jahon | 11:56 / 20.04.2016
1635
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Xitoy qit'alararo yangi ballistik raketani sinovdan o‘tkazdi

Xitoy 10ta jangovar kallak o‘rnatilgan DF-41 rusumli eng yangi qit'alararo ballistik raketani sinab ko‘rdi. Bu haqda The Washington Free Beacon xabar bergan.

Pentagon vakillarining nashrga ma'lum qilishlaricha, Amerika razvedka sun'iy yo‘ldoshlari va quruqlikdagi kuzatuv uskunalari har biri o‘z boshqaruviga ega ikkita kallakning raketadan ajralganini qayd etishgan. Bunda parvoz qayerdan amalga oshirilgani xabar qilinmagan.

Amerika razvedka xizmatlariga ko‘ra, raketa 10 ming kilometrdan ko‘proq masofaga ucha oladi. Bu esa Xitoydan AQShning istalgan hududini 30 daqiqa ichida nishonga olib, zarba berish uchun yetarlidir.

Nashrning yozishicha, DF-41 raketasining avvalgi sinov parvozi Xitoyning markaziy provinsiyasi Shansidagi Uchjay poligonidan o‘tgan yilning dekabrida amalga oshirilgan edi. Navbatdagi sinov esa, Xitoy va AQShning janubiy Xitoy dengizida manfaatlari tobora to‘qnash kelayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.