O‘n uch yoshli o‘zbekistonlik FIDe ustasi ikkinchi turda armanistonlik grossmeysterni mag‘lubiyatga uchratdi
Toshkentda shaxmat bo‘yicha birinchi o‘zbek grossmeysteri Georgiy A'zamov xotirasiga bag‘ishlangan “Toshkent open” X xalqaro turnirining ikkinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
Ikki tur natijalariga ko‘ra, 22 shaxmatchi 2 ochkodan jamg‘argan. Musobaqada o‘n uch yoshli FIDe ustasi Abdumalik Abdusalimov ikkinchi turda armanistonlik grossmeyster Tigran Petrosyanni mag‘lubiyatga uchratib, muxlisu mutaxassislar e'tirofiga sazovor bo‘ldi. U dastlabki turda Abdulbosit Sharifjonovni yenggan edi.
Yana bir iqtidorli o‘zbekistonlik shaxmatchi Gulruhbegim Tohirjonova dastlab Dilmurod Jabborberganovni yenggan bo‘lsa, ikkinchi turda rossiyalik grossmeyster Sergey Grigoryants bilan durang o‘ynadi. Saidakbar Saidaliyev birinchi turda Azizbek Valiyev ustidan g‘alaba qozonib, ikkinchi partiyani rossiyalik grossmeyster Vasiliy Papinga qarshi o‘tkazdi va durang natija qayd etdi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilardan Jahongir Vohidov, Marat Jumayev, Nodirbek Yoqubboyev, Jo‘rabek Hamroqulov, Nodirbek Abdusattorov, Akmal Fayzullayev, Vladimir Yegin, Nikita Xoroshev, Roman Golubev, Ulug‘bek Tillayev, Bobur Sattorov, Ortiq Nig‘matov va Alisher Begmurodov ikki turni o‘z foydasiga hal qilib, peshqadamlar safida bormoqda.