Jahon | 10:39 / 20.04.2016
2125
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar faqat qozog‘istonliklarga sotilishi ta'kidlandi

Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar xorijliklar va o‘ralmonlarga (xorijliklar yoki Qozog‘iston fuqaroligiga ega bo‘lmagan qozoqlar) xususiy mulk sifatida berilmaydi. Bu haqda Qozog‘iston milliy iqtisodiyoti vazirligining Qurilish, uy-joy kommunal jo‘jaligi va yer resurlarini boshqarish ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Boyirjon Smag‘ulov matbuot-anjumanda ma'lum qildi, deb xabar bermoqda primeminister.kz portali.

"Qozog‘iston Yer kodeksining 24-moddasi "Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga egalik qilish huquqi"ga ko‘ra, xorijliklar va o‘ralmonlarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar xususiy mulk sifatida berilmaydi, ularga yerlar faqat 25 yilga ijaraga berilishi mumkin. Bu qonun bilan aniq ko‘rsatilgan", deb aytdi Smag‘ulov.

Biroq yerlar uylar, xususiy uy-joy qurish, o‘rmon yetishtirish uchun sotilishi mumkin.

Qozog‘iston millati rejasining 35-qadamiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar sotilishi ko‘zda tutilgan. Istovchilar yerlarni auksionlar orqali sotib olishlari mumkin. Ijarachilar uchun 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadigan, yerning kadastr narxining 50 foiz miqdorida imtiyozli narx ko‘zda tutilgan.

Ta'kidlanishicha, yer maydonlarining kadastr narxi 2003 yilda belgilangan. Bu narx yerning turi, qaysi hududda joylashganiga bog‘liq. Misol uchun, shimoliy viloyatlardagi o‘tloq yerlarning bir gektari 2400 tanga, ekin yerlari esa bir gektariga o‘rtacha 24 ming tanga turishi mumkin.