Sport | 18:31 / 20.04.2016
1856
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik milliarder Berluskoniga «Milan»ning 70 foiz aksiyasi uchun 700 mln yevro taklif qildi

«Milan» jamoasi xo‘jayini Silvio Berluskoni jamoa aksiyalarining nazorat paketini qo‘lga kiritish bo‘yicha yangi taklif oldi.

Dunyoning eng boy kishilaridan biri bo‘lgan xitoylik milliarder, Galatioto Sports Group egasi Robin Li Berluskoniga jamoaning 70 foiz aksiyasi uchun 700 million yevro taklif qilgan.

Agar bu taklif qabul qilinsa, dekabrga borib Berluskonida jamoa aksiyalarining 30 foizlik qismi qolishi mumkin. Bu haqda Football Italia nashri Il Giornale manbasiga asoslangan holda xabar tarqatgan.

Ayni vaqtda 79 yoshga chiqqan Italiyaning sobiq bosh vaziri xitoyliklar bilan hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganib chiqmoqda.

47 yoshli Robin Li Xitoydagi qidiruv tizimi bo‘lmish Baidu kompaniyasi direktorlar kengashi rahbari hisoblanadi.

2015 yil yakunida Forbes Lini 15,3 milliard dollar miqdoridagi mabag‘i bilan xitoylik milliarderlar ro‘yxatida 5-o‘ringa joylashtirgandi.

Bundan oldin tailandlik investor Bi Techaubol «Milan»ning 48 foizlik aksiyasi uchun 480 million yevro bermoqchi bo‘lgan, ammo u kelishilgan muddatgacha bu mablag‘ni to‘play olmagandi.

Forbes «Milan» jamoasini 775 million dollarga baholagan.