10:43 / 21.04.2016
1789

Eron tashqi ishlar vazirligi: Eronda dunyo opiysining 80 va geroinining 40 foizi musodara qilinadi

Dunyoda ishlab chiqariluvchi opiyning 80 hamda geroin va morfinning 40 foizi Eronda musodara qilinadi. Bu haqda Eron ichki ishlar vaziri Abdulrizo Rahmoni Fazliy BMT Bosh assambleyasining giyohvand moddalar muammosiga bag‘ishlangan maxsus sessiyasida ma'lum qildi.

Fazliyning aytishicha, 2015 yilning o‘zida mamlakatda 620 tonna turli giyohvand moddalar musodara qilingan.

Uning ta'kidlashicha, Eron "insoniy va mulkiy zarar ko‘rish oqibatida "o‘lim savdogarlarini" katta miqdordagi og‘udan mahrum qilgan va jahon hamjamiyatining bir qismini giyohvandlik dahshatidan himoyalagan davlatlardan biridir". Fazliy narkotrafikning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan katta ko‘lamdagi kampaniya doirasida uning mamlakati "3,8 ming jafokashning hayotini qurbon keltirganini" qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, bu kampaniya davomida 12 ming eronlik jarohat olgan, mamlakat chegaralarni mustahkamlash uchun millionlab dollarlar sarflagan.

Fazliy Eron tomonidan giyohvandlikning oldini olish va uni davolash bo‘yicha milliy kampaniyaning yutuqlari haqida to‘xtalib, 40 foiz giyohvandlar shifoxonalar va zararni kamaytirish markazlariga o‘zlari ko‘ngilli tarzda murojaat qilishlarini va bu dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan ekanligini qayd qilib o‘tdi.

Eron Xitoy va Saudiya Arabistoni bilan bir qatorda giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun o‘lim jazosi mavjud bo‘lgan bir necha davlatlardan biri hicoblanadi. Maxsus sessiyada ko‘plab davlatlar, jumladan Yevropa Ittifoqi va Lotin Amerikasi davlatlari bunday jinoyatlar uchun o‘lim jazosidan voz kechish va asosiy e'tiborni giyohvandlikni davolashga qaratish kerakligini ma'qullab chiqishdi. AQShning giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy siyosati boshqarmasi boshlig‘i Maykl Botichelli "giyohvandlikdan aziyat chekuvchi, davolanishga muhtoj odamlarni taqib qilish" o‘rniga taqiqlangan moddalarni ishlab chiqarish va kontrabanda qilish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlarga qarshi kurash olib borishga chorladi.

Top