Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kun.uz sayti rahbari qanday qilib omadli onlayn nashrga asos solish haqida gapirdi
20 aprel kuni Toshkentdagi International mehmonxonasida USENET 2016 konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda Digital Marketing — internetda biznesni yuritish, bunda ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni, onlayn reklama xizmatlaridan foydalanish, elektron savdo, startaplar va onlayn nashrlar haqida so‘z bordi.
Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Rossiyadan o‘nlab yetakchi mutaxassislar so‘zga chiqdi.
Kun davomida o‘tkazilgan USENET 2016 konferensiyasida Kun.uz sayti rahbari Maxsud Asqarov «O‘zbekistonda qanday qilib omadli onlayn nashrga asos solish haqida» gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra sayt tashkil etilgan 2012 yilda uning auditoriyasi 50 ming kishiga yaqin bo‘lgan. 2013 yilda bu ko‘rsatkich 320 000, 2014 yilda 900 000, o‘tgan yili esa 3 million nafar kishi bo‘lgan.
Raqamlardan ko‘rinib turganidek, sayt auditoriyasi yildan-yilga tez o‘sib bormoqda. Buni 2016 yilning ilk uch oyidayoq saytga 1 800 000 nafar kishi tashrif buyurgani ham isbotlaydi.
«Shuningdek, Kun.uz saytining ijtimoiy tarmoqlardagi o‘quvchilari soni 300 mingdan ziyod va saytga har kuni o‘rtacha 150ta xabar, maqola, intervyu kiritilmoqda», deydi Maxsud Asqarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Kun.uz» o‘z kelajagini video kontent, mobil versiya, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni rivojlantirishda ko‘rmoqda.
24 aprel kuni, soat 15:00da siz ham «Kun.uz» haqida o‘zingizni qiziqtirgan savollarni nashr rahbaridan so‘rashingiz mumkin. Buning uchun Facebook'dagi sahifamizda jonli efirga chiqamiz. Bizni Facebook'da kuzatib boring va albatta, siz bilan ham suhbatlashamiz.