Jahon | 16:03 / 21.04.2016
1972
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Yaman sobiq prezidentining bank hisob raqamlari va mulkini muzlatdi

Turkiya hukumati qaroriga ko‘ra, Yamanning sobiq prezidenti Ali Abdulloh Solihning (u Yamanda "Ansor Alloh" harakati tarafdorlari, shia xusiylari inqilobini qo‘llab quvvatlagandi) moliyaviy aktivlari, bank hisob raqamlaridagi mablag‘lari va mol-mulki muzlatib qo‘yildi, deb xabar qilmoqda hukumat axborotnomasi "Resmi gazete".

Qaror matniga ko‘ra, mazkur choralar BMT xavfsizlik kengashi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Shunga binoan, ilovada keltirilgan shaxslar yoki ularning vakolatli ishonchli vakillariga tegishli barcha mol-mulk, bank yacheykalari, hisob raqamlari 2017 yil 26 fevralgacha muzlatiladi. Ularni nazorat qilish Turkiya moliya vazirligi zimmasiga yuklatiladi", — deyiladi hujjatda.

Ro‘yxatdan, Solihning o‘g‘li Ahmad Ali Abdulloh Solih, isyonchilar yetakchisi Abdulmalik al Xusiy hamda xusiylar harbiy qo‘mondonligi vakili Al Xoliq al Xusiy va Abdulloh Yahyo al Hakam ismi-sharifi joy olgan.

74 yoshli Solih 1978 yildan Yaman davlat rahbari lavozimini egallab kelgan, 2012 yilda Yamanda yuz bergan siyosiy inqirozga barham berish rejasiga muvofiq iste'foga chiqib, o‘sha paytdagi vitse-prezident Abd Rabbo Mansur Hodiyga prezidentlikni topshirgan edi. Shunga qaramay, u mamlakat qurolli kuchlaridagi ta'siridan foydalangan, xusiychi harbiylar isyonchilarga yon bosgan edi.