Xitoyda 170 dollarlik "iPhone qotili" namoyish qilindi
Xitoyning LeEco kompaniyasi Pekinda o‘zining Le 2 smartfonini namoyish qildi. Kompaniyaning tasdiqlashicha, smartfon o‘zining yuqori texnik ko‘rsatkichlari va arzon narxi tufayli flagman smartfonlarning "qotili"ga aylanadi.
Taqdimotdagi ko‘plab tomoshabinlar taqdimot boshlovchisi auditoriya bilan muloqot davomida o‘zini Apple kompaniyasi asoschisi Stiv Jobs kabi tutganini payqashgan. Boshlovchining nafaqat smartfon haqida ma'lumot berish uslubi, balki kiyinish uslubi ham Jobsnikiga o‘xshash bo‘lgan: u Jobs o‘z mahsulotlarini taqdim qilganda odatda kiyadigan jinsi shim va qora sviterda bo‘lgan.
Telefon metall korpusdagi monoblok ko‘rinishida bo‘lib, 5,5 dyuymli ramkasiz displeyga ega. Smartfon yaratuvchisining aytishicha, smartfon yuqori ko‘rsatkichlarga ega arzon qurilma bo‘ladi. Ko‘p jihatdan bu g‘oya amalga oshgan: smartfonda T880 grafik tezlashtirgichiga ega 2,23 GGts li 10 yadroli Helio X20 protsessori qo‘llangan. Telefon bu protsessor qo‘llangan birinchi telefon bo‘ldi.
Smartfonning ichki xotirasi hajmi 32 Gb ni, tezkor xotirasi hajmi esa 3 Gb ni tashkil qiladi. Batareyalar sig‘imi 3000 milliamper bo‘lib, tez quvvatlash funksiyasiga ega: ishlab chiqaruvchining ta'kidlashicha, smartfonning to‘liq quvvatlanishi uchun 5 daqiqa kifoya qiladi. Smartfon, shuningdek, 16 MP li, 0,09 soniyali avtofokuslashli asosiy va 8 Mp li old kamera bilan jihozlangan. Smartfon 4G+ va VoLTE aloqa formatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Telefon Type C chiqishiga ega. Qurilmaning og‘irligi 153 grammni tashkil qilib, iPhone 6S Plus’ga nisbatan 39 grammga yengilroqdir.
Ta'kidlanishicha, smartfon ishlab chiqaruvchi tomonidan yaratilgan, raqamli musiqani sifatni yo‘qotmagan holda siqish uchun mo‘ljallangan audiokodekni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmada odatdagi 3,5 mm li audioraz'yom bo‘lmasa-da, kompaniya smartfonga Type C chiqishni qo‘llab-quvvatlovchi raqamli quloqchinlarni taklif qildi. Telefon Android Marshmallow 6.0.1. operatsion tizimida ishlaydi.
Smartfonning narxi 1100 yuanni (170 dollar) tashil qiladi. LeEco’ning ta'kidlashicha, smartfonning narxi tannarxidan ham kamroqni tashkil qiladi, biroq kompaniyaning biznes modeli qo‘shimcha xizmatlar, birinchi navbatda internet-televideniye, musiqa va boshqa kontentni sotishdan olinadigan daromadga asoslangan.