Xitoyda harbiy obektlarni suratga olgan shaxsga 7 yillik qamoq jazosi tayinlandi
Xitoy sudi xorij razvedka xizmati foydasiga harbiy obektlar va kemalarni suratga olgan shaxsni yetti yilga ozodlikdan mahrum etdi. Bu haqda “Xuantsyu shibao” gazetasiga tayanib TASS xabar berdi.
Gazeta ma'lumotlariga ko‘ra, Chjetszyan provinsiyasi Ninbo shahrida istiqomat qiluvchi Chen Vey Chjetszyanning turli portlarida Xitoy harbiy dengiz kuchlari va sohil xavfsizlik xizmati kemalarini hamda bir necha harbiy obektlarni suratga olgan. Suratlar va boshqa ma'lumotlarni u fuqaroligi o‘rnatilayotgan noma'lum Tszi Tyanyu ismli shaxsga yetkazib yurgan.
Nashrning yozishi bo‘yicha, bort raqamlari va kemalarning joylashuvi to‘g‘risidagi ma'lumotlar orqali xorij mutaxassislari xitoylik harbiylarning Sharqiy Xitoy dengizida joylashgan Dyaoyuydao (Senkaku) orolidagi harakatlari to‘g‘risida bilib olishlari mumkin edi.
Huquqni muhofaza qilish organlari Chen Vey aynan qaysi davlat foydasiga xizmat qilganini oshkor qilmadi. Shunisi ma'lumki, u xizmatlari uchun xorij valyutasida kamida 20 ming miqdorida pul olgan.
Chen Vey 2013 yildayoq hibsga olingan. Unga hukm qachon o‘qilgani aniq emas.
2012 yilning sentabr oyida Tokio xususiy mulkdorlardan orollarni sotib olganini e'lon qilgach, Dyaoyuydao (Senkaku) orollari bo‘yicha Yaponiya va Xitoy o‘rtasidagi hududiy nizolar avj olib ketdi. Shundan keyin XXRda keng miqyosda antiyapon namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Shundan buyon Xitoy kemalari doim nizoli hududda saqlanadi va vaqti-vaqti bilan qirg‘oq qismlariga namoyishkora yurishlar uyushtiradi.