Jahon | 06:06 / 22.04.2016
1989
3 daqiqa o‘qiladi

Apple simsiz quloqchinlar texnologiyasini patenlashtirishga ariza berdi

Apple simsiz aloqadan simli aloqaga o‘tib, musiqani to‘xtovsiz yangrashiga imkon beruvchi quloqchinlar texnologiyasi uchun AQSh patentlar idorasiga ariza berdi. Ariza 2014 yilning 17 oktabrida topshirilgan bo‘lib, biroq idora saytida mazkur yangilik 21 aprel kuni chop etildi. Bu haqda AppleInsider nashri xabar beradi.

Hujjatda Apple vakillari qayd etishicha, shaxsiy elektron qurilmalarning soni ortib borgani sayin quloqchinlarga bo‘lgan talab ham oshdi: ulardan nafaqat musiqalarni tinglashda, balki shaxsiy suhbatlarning sirli qolishini saqlashda ham foydalanishmoqda. Biroq, quloqchinlar barcha holatlarda ham kerak bo‘lavermaydi. Kompaniya ta'kidlashicha, ba'zan ular muammolar ham keltirib chiqaradi – aynan qanday muammolar ekanligi qayd etilmagan.

Patent ta'rifida yozilishicha, Apple ayfon bilan birgalikda yangi turdagi quloqchinlarni yaratish istiqbollarini o‘rganib chiqmoqda. Bunday quloqchinlar simli va simsiz ulanish o‘rtasida uzluksiz foydalanishni ta'minlab beradi.

Namuna sifatida quyidagicha qurilma tavsiya etilmoqda: quloqchinda dinamik, protsessor, akkumulyator va simsiz ulanuvchi datchik. Ularga quloqchinlarni zaryadlashga va musiqalarni simsiz tinglashga yordam beruvchi kabel ulanadi. Bundan tashqari, ovoz buferizatsiya ko‘magida kabelni istalgan vaqtda o‘chirish mumkin va yangrayotgan musiqa uzilib qolmaydi.

3,5-millimetrli audiojyek orqali bir vaqtning o‘zida quloqchinlarni zaryadlash va ulardan musiqa tinglash mumkin emas. Agar Apple shunday tizimdan foydalanmoqchi bo‘lsa, u holda bir vaqtning o‘zida ovoz uzatish va elektr ta'minotini ko‘tara oladigan Lightning portini ishga tushirish mumkin.

Shuningdek, patentda yozilgan ta'riflar iPhone 7da 3,5-millimetrli quloqchinlar porti bo‘lmasligi va yangi simsiz Beats qurilmasining paydo bo‘lishi haqidagi mish-mishlarga mos kelmoqda. Biroq arizalarning taqdim etilishi yaqin orada bunday mahsulotlar yaratilishini anglatmaydi. 2015 yilda Apple yugurgan payt quloqdan tushib qolmaydigan quloqchilar uchun patent olgan edi, ammo hanuzgacha ular taqdim etilmadi.