AQSh kongressi hovlisida giroplanni qo‘ndirgan shaxs 4 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi
Amerikalik sobiq pochtachi Duglas Xyus uncha katta bo‘lmagan uchuvchi qurilmasi - giroplanni o‘tgan yilning bahorida Kapitoliy tepaligida qo‘ndirgani uchun 120 kunlik qamoq jazosiga hukm qilindi. Sudya Kollin Kollar-Kotelli 21 aprel kuni shunday hukm chiqardi. Bu haqida TASS agentiligi xabar berdi.
Kongress binosi hovlisida uchar qurilmasini qo‘ndirgan qonunbuzarni 2015 yil 15 aprelda, qo‘nish amalga oshirilishi bilanoq hibsga olishgan. AQSh Federal aviatsiya boshqarmasi qoidalariga ko‘ra, bu hududda xususiy uchar qurilmalarda beruxsat uchish man qilingan. Xyus 535 qonunchining har biriga saylov kompaniyalarni moliyalashtirishni qayta takomillashtirishni so‘rab xat yuborishni rejalashtirgan. Shu voqeadan so‘ng pochtachini ishdan bo‘shatishgan.
Dastlab unga uch yil qamoq jazosi berilishi kerak bo‘lgan, biroq Xyus aybiga iqror bo‘lganidan keyin prokuror suddan shartli muddat so‘radi. Shunisi qiziqki, Xyusning o‘zi bunga rozilik bermagan va o‘z qilmishini "fuqarolik itoatsizligi" deb atagan.
Qonun himoyachilari uning Kapitoliy hududida giroplan qo‘ndirish niyatidan xabarlari bor edi. Qonunbuzar 2013 yilda internet tarmog‘ida o‘z rejalari haqida yozgan. Politsiyachilar uni Kapitoliyning sharqiy qismida kutishgan, chunki Kongress binosining aksariyat idoralari shu yerda joylashgan. Buning o‘rniga u Kongressning g‘arbiy qismida qo‘nishni amalga oshirgan. Bu Vashington tarixidagi eng ko‘p ovozaga sabab bo‘lgan hodisa bo‘lgandi.