Ellikqal'a tumanida “Kim edigu, kim bo‘ldik? Ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz lozim?” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga yigirma besh yil to‘lishi munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida taniqli madaniyat va san'at sohasi vakillari, shoir va yozuvchilar bilan targ‘ibot-tashviqot uchrashuvlari tashkil qilinmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Ellikqal'a tumani Sarabiy agroiqtisodiyot kasb-hunar kollejida “Kim edigu, kim bo‘ldik? Ertaga qanday yuksak marralarni egallashimiz lozim?” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir ishtirok etdi. Tadbir davomida yurtimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, bugungi kunda yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z bordi.
O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir ishtirokidagi yana bir tadbir Muhammad Yusuf nomidagi Bo‘ston akademik litseyida bo‘lib o‘tdi. Elimiz ardoqlagan shoir Muhammad Yusuf tavalludining 62 yilligiga bag‘ishlab tashkil qilingan adabiy kechada tumandagi adabiyotshunoslar, yosh shoir va shoiralar, litsey o‘quvchilari ishtirok etdi. Tadbirda shoir qalamiga mansub she'r va dostonlardan parchalar, qo‘shiqlar ijro qilindi. Shoirning hayot yo‘li, ijodiy faoliyati haqida ko‘plab ma'lumotlar berildi.
Shuningdek, tumanda mustaqilligimizning yigirma besh yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi “Ashula va raqs” ansambli tomonidan xayriya konsert dasturi o‘tkazildi. Bo‘ston shahri amfiteatrida bo‘lib o‘tgan xayriya konsertida Uchqun Tillayev, O‘tkir Muhamadjonov, Avaz Oxun, Dilso‘z, Gulyuz, Firdavs Pazliddinov kabi taniqli san'atkorlar ishtirok etdi. Tadbir doirasida xizmat paytida halok bo‘lgan ichki ishlar xodimlarining oilalariga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Qutlug‘ sana munosabati bilan tumandagi muhtasham San'at saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari Vazirligi tashabbusi bilan, O‘zbekiston davlat san'at muzeyi tomonidan “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” fotoko‘rgazmasi tashkil qilindi. Fotoko‘rgazmadan yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yangidan barpo etilgan Jahon standartlariga mos inshootlar, san'at, madaniyat va sport sohasida erishilayotgan yutuqlar, vijdon erkinligi, yoshlarning o‘z yurtiga sadoqati, diniy bag‘rikenglikni ifodalovchi 150 dan ortiq fototasvirlar o‘rin olgan. Fotoko‘rgazma yana ikki kun davomida namoyish qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, tuman yoshlari xotirasida ijobiy taassurotlar bilan uzoq saqlanib qoladi.
Dilshodbek Jumaniyozov