Jamiyat | 07:43 / 22.04.2016
2004
2 daqiqa o‘qiladi

NASA qo‘shiqchi Prinsning vafotidan qayg‘urish sifatida "binafsharang tumanlik" suratini chop etdi

AQShning NASA koinot agentligi pop-musiqa afsonalaridan biri, qo‘shiqchi Prinsning fojiali vafotidan qayg‘urish sifatida Buzoq yulduzlar turkumidagi binafsharang tumanlik suratini chop etdi.

"Bugun olamdan ko‘z yumgan Prins xotirasiga binafsharang tumanligi", deb aytilgan agentlik tvitterida.

Binafsharang tumanlik suratining chop etilishi bejiz emas, chunki qo‘shiqchining eng mashhur qo‘shiqlaridan biri Purple Rain (Binafsharang yomg‘ir) qo‘shig‘i hisoblanadi.

Ta'kidlanishicha, yulduzlarning binafsharang yonishi Qisqichbaqasimon tumanligiga tegishlidir.

Shuningdek, AQSh prezidenti Barak Obama ham qo‘shiqchining vafoti munosabati bilan o‘z ta'ziyasini bildirdi. Obama qo‘shiqchini "fank, ritm-end-blyuz va rok-n-roll yo‘nalishida ijro etgan zamonamizning eng iqtidorli va sermahsul ijodkorlaridan biri edi" deb atadi.

"Mishel va men Prinsning vafotidan qayg‘urayotgan butun dunyodan millionlab muxlislarga qo‘shilamiz. Kamgina ijod ahli musiqa va pop-musiqaning rivojlanishiga bunday aniq ta'sir qila olgan hamda o‘z iste'dodi bilan shuncha odamlarning qalb torlarini chertgan", deb aytdi Obama.     

Prins "Gremmi", "Oskar", "Oltin globus" kabi nufuzli mukofotlar sovrindori hisoblanadi. Qo‘shiqchi 21 aprelda 57 yoshida o‘zining Minnesotadagi uyida jonsiz holda topildi.