Jahon | 22:10 / 22.04.2016
1522
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: koalitsiya aviatsiyasi IShIDning 500 mln dollarlik naqd pulini yo‘q qildi

AQSh boshchiligidagi xalqaro aksilterrorchilik koalitsiyasi aviatsiyasi IShID terrorchilik guruhining 500 mln dollarga yaqin naqd puli saqlanadigan joyni yo‘q qildi. Bu haqda 22 aprelda USA Today nashrida chop etilgan maqolada aytilgan.

"AQSh bochiligidagi koalitsiya IShIDning 500 mln dollarga yaqin naqd pulini kulini ko‘kka sovurdi va shu tariqa uning neftdan olgan daromadining taxminan 50 foizini yo‘q qildi", deb Pentagon rahbariyati vakili so‘zlarini keltirmoqda nashr. Vakil "razvedka yo‘q qilingan naqd pullar miqdorini 200 mln dan 1,3 mlrd dollargacha oraliqda baholayotganini" qayd qildi. "Biroq 500 mln dollar – haqiqatga yaqinroq raqamdir", deb qo‘shimcha qilgan vakil. Biroq gazeta razvedka bunga qanday baho bergani va IShID bu mablag‘larni qanday davrda olganiga oydinlik kiritmagan. Ta'kidlanishicha, terrorchilik guruhi har hafta yo‘q qilinayotgan jangarilarning 25 foizinigina yollanma jangarilar bilan to‘latmoqda.

Pentagon vakilining ma'lumotlariga ko‘ra, terrorchilik guruhi rahbariyati moliyaviy yo‘qotishlar sababli o‘zi nazorat qiluvchi bir qator hududlarda yonilg‘ini ishlatishni cheklash va jangarilarga beriladigan haqni ikki barobarga qisqartirishga majbur bo‘lgan. Pentagon vakili aviazarbalar har oyda 1,5-2 ming jangarining yo‘q qilinishiga olib kelayotganini ma'lum qildi.