Jahon | 10:37 / 22.04.2016
1488
1 daqiqa o‘qiladi

Obama: AQSh va Buyuk Britaniya NATOga sarmoya kiritishni davom ettirishi lozim

AQSh prezidenti Barak Obamaning bayonot berishicha, Vashington va London hukumatlari, NATOni kuchaytirish uchun choralarini davom ettirishi va ittifoqchilariga dalda berishi lozim. Londonning The Telegraph gazetasi shu haqda xabar qilmoqda.

«Biz NATOga mablag‘larni shunday sarflashimiz kerakki, bu bizga Afg‘onistondan Egey dengizigacha bo‘lgan mintaqadagi majburiyatlarimizni ado etishga yordam bersin. Shu bilan birga, Rossiya agressiyasidan haqli ravishda xavfsirayotgan ittifoqchilarimizni ham tinchlantirishimizda ushbu sarmoyalar muhim o‘rin tutadi», — degan Oq uy rahbari.

Obama, shuningdek, Amerika va Britaniya global o‘sishni ta'minlashi lozim, deb hisoblaydi. Bu, o‘z navbatida, kelajak avlodning keng imkoniyatlarga ega bo‘lishiga sharoit yaratadi.

Bundan avval, Obama Buyuk Britaniya YeI tarkibida qoladigan bo‘lsa, terrorizmga qarshi xalqaro kurashda qo‘l kelishini aytgan edi.