Qozog‘istonlik politsiya xodimi turli millatga mansub besh nafar bola asrab oldi
Qozog‘istonning Jambul viloyati politsiyasida xizmat qiluvchi 38 yoshli serjant Galim Aristanboyev va uning rafiqasi bundan olti oy muqaddam besh nafar bola asrab olishdi va uylarida kichik bolalar uyi tashkil etishdi. Bu haqda Jambul viloyati ichki ishlar departamenti xabar bermoqda.
Galim Aristanbayevning xonadonida jami sakkiz bola katta bo‘lyapti, shulardan besh nafarini u asrab olgan. Uning aytishicha u dunyodagi eng baxtli odam.
Aslida bola asrab olish g‘oyasi Galimning turmush o‘rtog‘i Aliyadan chiqqan bo‘lib, u Mehribonlik uyiga bir nafar bola asrab olish uchun boradi va uyga turli yoshdagi qo‘shimcha to‘rt nafar bola bilan qaytadi.
Asrab olingan bolalar turli millatga mansub. Qizlarning eng kattasi 16 yoshda bo‘lib, ozarbayjon millatiga mansub, o‘rtanchasi xitoylik, kenjasi esa o‘zbek. O‘g‘il bolalarning biri tsigan, ikkinchisi esa rus millatiga mansub. Bolalarning bari qozoq tilida gaplashishadi.