Shtaynmayyer: Rossiya Suriya jangarilar tomonidan ishg‘ol etilishini xohlamaydi
GFR tashqi ishlar mahkamasi rahbari Frank-Valter Shtaynmayyer Handelsblatt nashriga bergan intervyusida ma'lum qilishicha, Rossiya Suriya muammosiga barham berish bo‘yicha muzokaralar davom etishidan manfaatdor hisoblanadi. U rasmiy Moskva Suriya arab respublikasi hokimiyatiga jangarilar kelishi mumkin emasligini yaxshi tushunishini ta'kidlab o‘tgan.
"O‘ylashimcha, Rossiya Suriya tinchlik muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolishini istamaydi", — degan Germaniya tashqi ishlar vaziri.
"Rossiya har qanday vaziyatda ham Suriyaning hozirgi hokimiyati barbod bo‘lishi va jangarilar hukumatni o‘z qo‘llariga olishlarini xohlamaydi".
Shtaynmayyerning aytishicha, "Rossiya, birinchi navbatda, Suriyadagi harbiy dengiz bazalarini saqlab qolish va u orqali O‘rta yer dengiziga chiqish imkoniyatini qo‘lida ushlab qolishdan manfaatdordir".
Bundan tashqari, "RF boshqa yirik davlatlar, xususan, AQSh bilan bir darajada bo‘lishni xohlaydi".
"Bu manfaatlar qatori, Kremlning Islom olami radikallashuvi kuchayib, Rossiya janubiy chegaralariga kirib kelishidan xavotirlanishi ham o‘rinlidir", — deb aytgan Shtaynmayyer.
"Shu sabablarga ko‘ra, Rossiya manfaatlari faqat Suriya prezidenti Asadni hokimiyat tepasida saqlab qolish bilan chegaralanadi, deyish noto‘g‘ri bo‘lar edi", — degan Germaniya tashqi ishlar vaziri.