Jamiyat | 21:07 / 22.04.2016
6611
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda “Yilning eng yaxshi sahna asari” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi

Samarqandda O‘zbekistondagi madaniyat va san'at kollejlari jamoalari o‘rtasida “Yilning eng yaxshi sahna asari” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

– Yoshlarni teatr san'atimiz tarixi va an'analari bilan tanishtirish, bugungi kun talablariga mos sahna asarlari yaratishga jalb etishda ushbu tanlovning ahamiyati katta, – deydi “O‘zbekteatr” ijodiy-ishlab chiqarish birlashmasi boshqarma boshlig‘i Esonboy O‘rinov. – To‘rt kun davom etgan tanlovda o‘quvchilar tomonidan dolzarb mavzulardagi 15 dan ortiq spektakl namoyish etildi va ular taniqli teatr arboblari, san'atshunoslar tomonidan yuqori baholandi.

Hamid Olimjon nomidagi Samarqand viloyati musiqali drama teatrida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida Qarshi san'at kolleji o‘quvchilarining “Adolat tizgini” spektakli “Yilning eng yaxshi sahna asari”, deb e'tirof etildi. Guliston san'at kolleji jamoasi sahnaga qo‘ygan “Tikansiz tipratikanlar” spektakli ikkinchi, Navoiy madaniyat va san'at kollejining “Qiz kelin” asari uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.