O‘zbekiston | 15:16 / 23.04.2016
2826
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo, Fors ko‘rfazi hamda Ummon dengizi portlari transport yo‘lagini yaratish bitimi kuchga kirdi

2016 yilning 23 aprel kuni xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi Ashxobod Bitimi kuchga kirdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV sayti xabar tarqatgan.

Bu bitim 2011 yilning 25 aprelida Eron Islom Republikasi, Ummon Sultonligi, Turkmaniston, Qatar va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatlari o‘rtasida xalqaro transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi Bitim (Ashxobod Bitimi) imzolangandi. 2013 yilda Qatar loyihadan chiqishga qaror qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 15 oktabrdagi qarori bilan ushbu bitimning amalga oshirilishi bo‘yicha Memorandumni tasdiqladi.

Ushbu memorandum 2014 yil 6 avgustda Maskat shahrida imzolangan edi.

Hujjat Markaziy Osiyo mamlakatlari va Fors ko‘rfazi hamda Ummon dengizi portlari o‘rasidagi tovarlarni uzluksiz tashishga va tranzit uchun ishonchli transport yo‘lagini yaratishga yo‘naltirilgan.

Bitim transport xarajatlarini optimallashtirish maqsadida yuklarni tashish tezligini oshirishga, shuningdek rasmiy hujjatlar va tartib qoidalarni osonlashtirish va uyg‘unlashtirishga imkon yaratadi.

Ushbu Bitimning to‘liq matni bilan Lex.uz saytida tanishish mumkin.