Jahon | 12:02 / 23.04.2016
1723
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreyadagi yadro sinovlari hududining surati e'lon qilindi

Yevropaning Sentinel-1a sun'iy yo‘ldoshi, Shimoliy Koreyaning yadro sinovlarini o‘tkazuvchi maydonini aniqlash maqsadida radar tekshiruvlari o‘tkazgan. Olimlarning fikricha, suratlarda portlash izlarini ko‘rish mumkin. Germaniya tuproqshunoslik va tabiiy boyliklar federal instituti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari Yevropa Yer fanlari ittifoqi bosh Assambleyasida e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda BBC News.

Yerosti sinovlari Yangando tog‘li provinsiyasidagi Pxungeri yadro poligoni yaqinida amalga oshirilgan. Olingan suratlarda, tog‘ sathi bir hududda 7 metrga pasaygani, boshqa joyida 2-3 santimetrga ko‘tarilganini ko‘rish mumkin.

Sentinel-1a qurilmasida qo‘llaniladigan yo‘ldoshli interferometriyada yer sathi radar vositasida bir necha marotaba suratga olinadi va natijalar taqqoslanadi. Ushbu suratlar, Pxenyanning yadro sinovlari o‘tkazganini tasdiqlaydi.

Ammo, Sentinel-1a imkoniyati chegaralangan bo‘lib, u ayni yer sathini har 12 kunda o‘rgana oladi. Shu boisdan ham, olimlar tog‘ sathidagi o‘zgarishlar portlashdan keyin qachon paydo bo‘lgani xususida aniq bir narsa deya olishmaydi.

2016 yil 6 yanvar kuni Shimoliy Koreya tomonidan amalga oshirilgan portlash xususiyatiga ko‘ra, 2013 yilgisiga o‘xshab ketadi. Balki, ikkala holatda ham shimoliy koreyalik harbiylar ta'kidlaganidek, vodorod bombasi emas, balki oddiy bomba portlatilgan bo‘lishi mumkin.

G‘arb olimlari hisob-kitoblariga ko‘ra, 6 yanvar kungi portlash kuchi 10 kilotonna trotil quvvatiga teng bo‘lgan. Sinov vaqtida 5,1 ballik yer silkinishi ham qayd etilgan. Pxenyan 2006 va 2009 yillarda ham yadro sinovlari o‘tkazgani haqida e'lon qilgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish