“Biz – buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostidagi yoshlar festivali Xorazm vohasida!
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligiga bag'ishlangan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostida respublikaning barcha hududlarida yoshlar festivallari o‘tkazilmoqda.
Festival targ'ibotchilari ilk loyihani Xiva tumanidagi 20-sonli bolalar shaharchasidan boshlashdi.
-Xush kelibsiz oilamizga, – deya ochiq yuz bilan qarshi olgan shaharchaning rahbari “O‘zbekiston qahramoni” unvoni sohibi Vera Barisovna Pak 31 yil davomida Mehribonlik uyida faoliyat yuritib, 2015-yil 6-dekabrdan, ya'ni ushbu shaharcha foydalanishga topshirilgandan buyon faoliyatini ushbu go‘shada davom ettirmoqda.
18 xonadondan iborat ushbu shaharchada 110 nafar bola tarbiyalanmoqda. Har bir xonadonda 6-8 nafar bolalarga bir nafardan ayol onalik vazifasini bajaradi.
Fayzli dargohda o‘tkazilayotgan tadbir mehmonlaru mezbonlarga a'lo kayfiyat bag'ishlayapti. Ayniqsa, aktrisa Dono Boboxonovaning tarbiyalanuvchilar ishtirokida “Oltin baliqcha” hikoyasini sahnalashtirgani bolalarni yanada faollikka undadi.