Poraxo‘r oqsoqollar jinoiy javobgarlikka tortildi
Prezidentimizning 2015 yil 15 maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta'minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida bosh prokuraturada tashkil qilingan murojaatlarni telefon orqali qabul qilish Markaziga bildirilgan murojaatlar asosida bunday suiiste'molchiliklarga o‘z vaqtida barham berib kelinmoqda. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, bu toifadagi murojaatlar asosan Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Murojaatlarni tekshirish natijasiga ko‘ra, 159 nafar fuqarolar yig‘inlari xodimlari intizomiy, 51 nafari ma'muriy javobgarlikka tortildi. Jiddiy qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 22 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Misol uchun, fuqaro Yu.Xatamovaning Zomin tumanidagi “Navbahor” MFY raisi tomonidan 2 yoshgacha ta'minlanadigan bola puli berilmayotganligi haqidagi ishonch telefoniga murojaati o‘rganilganda, fuqaroning nafaqa tayinlashni so‘rab yozgan arizasi qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqilmaganligi aniqlanib, fuqarolar yig‘ini raisi vazifasini bajaruvchi U.To‘ychiyevga nisbatan MJtKning 43-moddasi bilan ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atildi.
Bundan tashqari, fuqaro A.Razzoqova Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Baraka” MFY raisi H.Yusupov voyaga yetmagan farzandiga nafaqa tayinlash uchun 300 ming so‘m talab qilayotganligi haqida Bosh prokuraturaning ishonch telefoniga murojaat qilgan edi.
Murojaat bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirda H.Yusupov ushbu pullarni pora tariqasida olayotganda jinoyat ustida qo‘lga olindi va sud hukmi bilan 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.