Fan-texnika | 09:57 / 24.04.2016
2120
2 daqiqa o‘qiladi

Quyosh batareyalarida ishlovchi Solar Impulse 2 samolyoti 9 oylik tanaffusdan keyin sayohatini davom ettirdi

Quyosh batareyalarida ishlovchi Solar Impulse 2 samolyoti Tinch okeani ustidan 3 kunlik parvozdan keyin AQShga qo‘ndi. Bu haqda xorijiy OAV xabar bermoqda.

21 aprelda Gavayi orollaridan havoga ko‘tarilgan samolyot Kaliforniyada qo‘nish uchun San-Frantsiskodagi "Oltin darvozalar" ko‘prigi ustidan uchib o‘tdi. Gavayida oxirgi 9 oy davomida samolyotning shikastlangan quyoshli batareyalari ta'mirdan chiqarilgan.

"Men ko‘prikni uchib o‘tdim. Men rasman Amerikadaman", deb aytdi San-Frantsisko bo‘g‘ozidan uchib o‘tgandan keyin samolyot uchuvchisi Bertran Pikar.

Solar Impulse 2 butun jahon bo‘ylab sayohatini 2015 yil 9 martda Abu-Dabi aeroportidan boshlagandi. Uchuvchilar quyoshli batareyalarda uchuvchi samolyotlar uchun rekord o‘rnatishmoqchi. O‘tgan yilning iyul oyi boshida samolyot Yaponiyadan Gavayiga uchib o‘tganda quyoshli batareyalardagi samolyotlar uchun parvozning davomiyligi va uzunligi bo‘yicha rekord o‘rnatilgan. Samolyot uchuvchisi 8 ming km lik masofani 118 soatda bosib o‘tgan. Shuningdek, samolyotning osmonda qayta yoqilg‘i quyishsiz parvoz qilish davomiyligi bo‘yicha mutlaq rekord o‘rnatilgan.

Biroq iyul o‘rtasida uchuvchilar quyosh batareyalari shikastlangani sababli parvozni to‘xtatishga qaror qilishgan. U shu paytgacha Gavayida ta'mirda bo‘lgan va 21 aprelda loyihaning tvitterida sayohat davom ettirilishi ma'lum qilingan.

Samolyotda 17 mingta quyosh batareyasi o‘rnatilgan bo‘lib, ular samolyotga katta masofalarni uchib o‘tishga imkon beradi. Samolyotning qanotlari qulochi 72 metrni, og‘irligi 2,3 tonnani tashkil qiladi.