22:07 / 25.04.2016
2694

Dubayda eng katta usti yopiq ko‘ngilochar bog‘ qurilmoqda

Dubayda joriy yilning avgustida dunyoning eng katta usti yopiq ko‘ngilochar bog‘iga aylanuvchi “IMG sarguzashtlar dunyosi” ochiladi. Bu haqida The National nashri Ilyas & Mustafa Galadari “IMG” quruvchi kompaniyasining xabariga asoslanib ma'lum qiladi

Usti yopiq bog‘da 20ta attraksion, jumladan, “Dinozavrlarning yo‘qolgan olami”, Marvel, Cartoon Network brendlaridan esa boshqa bir qator ko‘ngilochar maydonlar barpo etilmoqda. Bog‘ maydoni 140 ming kvadrat metrni tashkil etib, bu yerda kuniga 20 mingga yaqin insonni qabul qilish rejalashtirilgan. Bog‘ga asos solganlar bir yil ichida 4,5 million atrofida mehmon tashrif buyurishini maqsad qilishgan. Bog‘ga kirish chiptalari kattalar uchun – 300 dirxam (80 dollar), bolalar uchun – 250 dirxam (70 dollar)ni tashkil qiladi.

Bog‘ning qurilish loyihasi qiymati 1 milliard dollarga baholanmoqda.
Mazkur bog‘ aslida 2014 yilda ochilishi rejalashtirilgan edi, biroq tashkilotchilar 2013 yil Eronda sodir bo‘lgan zilziladan so‘ng loyiha shartlariga o‘zgartirish kiritib, ishni keyinga qoldirgan edi.

Nashrning qayd etishicha, “IMG sarguzashtlar dunyosi” juda qimmat turuvchi boshqa bir loyiha - Dubai Parks & Resorts ochilishidan ikki oy avval ish boshlaydi. Dubai Parks & Resorts maydoni 2,3 million kvadrat metr bo‘lib, unga 2,7 milliard dollar miqdorida pul sarflangan.

Yangi ko‘ngilochar bog‘larning ochilishi natijasida Dubay o‘z sayyohlari sonini 2020 yilga kelib, 20 millionga oshirishni maqsad qilgan. 2015 yilda Dubayga 13,2 millionga yaqin kishi tashrif buyurgan.

Top