Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jahonda ilk bor avtonom mashinalar uchun poyga kuni tashkil etiladi
Shu yilning may oyi oxirlarida Kaliforniyaning Thunderhill Raceway poyga maydonida haydovchisiz boshqariladigan avtomobillarning bir kunlik treki tashkil etiladi. Tashkilotchi sifatida Kremniy vodiysi sarmoyadori va tadbirkor Joshua Shexter e'tirof etilmoqda. Bu haqda Ars Technica nashri xabar qilmoqda.
Ayni vaqtga qadar 15 jamoa trekda qatnashishlarini tasdiqlagan. Ularning atigi ikkitasi butunlay avtonom avtomobil va xaritalarni taqdim eta olishadi. Ishtirokchilar orasida, Tesla Motors bosh muhandisi Rikkardo Byazini va iPhone dasturini birinchi bo‘lib buzgani bilan tanilgan xaker Jorj Frensis Xotts hamkorligidagi comma.ai loyihasi ham bor. Aprel oyi boshlarida sarmoyadorlar haydovchisiz boshqariladigan avtomobil ishlab chiqishni niyat qilgan ushbu loyihaga 3,1 million dollar mablag‘ kiritishdi.

Trekda ishtirok etishni xohlagan boshqa firmalar, shunchaki o‘zlari ishlab chiqqan mahsulotlari: sensorlar, avtonom mashinalarning boshqa transport vositalari yoki inshootlar bilan "muloqot"da bo‘lishini ta'minlaydigan dasturlarini sinab ko‘rishadi. Tashkilotchilar ular uchun maxsus avtomobillar taqdim etishadi.
Shexterning so‘zlariga ko‘ra, u hozircha biron-bir avtomobil trekni mustaqil ravishda hech bo‘lmaganda bir marta to‘liq aylanib chiqa oladimi-yo‘qmi ayta olmaydi. Biroq tadbirkor trekning doimiy tus olishi va haqiqiy poygalarga aylanishiga ishonch bildirmoqda.
Bundan avval Germaniyaning Audi kompaniyasi ham avtonom mashinalarini poyga maydonida sinovdan o‘tkazgan edi. 560 ot kuchiga RS7 modeli negizida barpo etilgan avtonom mashina Amerikaning Sonoma Raceway trassasida sinab ko‘rilgan, haydovchisiz avtomobil 4 km.lik masofani 2 daqiqa-yu 1,01 soniyada bosib o‘tgan edi.