OAV: Mitsubishi Motors "yoqilg‘i mojarosi"ga aloqasi bor 2 milliondan ortiq avtomobil sotgan bo‘lishi mumkin
"Yoqilg‘i mojarosi"ga aralashib qolgan Mitsubishi Motors kompaniyasi, texnik tavsiflarida yonilg‘i sarfiga oid raqamlar o‘zgartirilgan 2 milliondan ortiq avtomobilini sotgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Kiodo” axborot agentligi xabar qilmoqda.
Shu paytgacha, kompaniyaning 10 ta modelida qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan, ular orasida mashhur Pajero modeli, eK seriyasidagi kichik litrajli avtomobillar ham bor. Ammo hozircha ularning to‘liq ro‘yxati e'lon qilinmayapti. Qayd etilishicha, yoqilg‘i sarfi kamaytirib ko‘rsatilgan ilk avtomobillar 2002 yildayoq sotuvga chiqarilgan.
Yaponiya hukumati ishlab chiqaruvchiga nisbatan tergov ishlarini olib bormoqda. Xususan, uning bosh qarorgohi va tadqiqot markazida tekshiruvlar o‘tkazilgan. Mamlakat vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yesixide Suganing bayonotiga ko‘ra, hukumat mijozlar ishonchini suiiste'mol qilgan korporatsiyaga nisbatan qat'iy choralar ko‘radi.
OAV yozishicha, kompaniya o‘z navbatida, avtomobil sotib olinganidan boshlab ortiqcha sarflangan har litr benzin qiymatini to‘lab berish tashabbusi bilan chiqishi ehtimoli bor.
Shu yilning 20 aprelida kompaniya rahbari Tetsuro Aikava yoqilg‘i sarfiga oid qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganini tan olgan edi. Uning aytishicha, raqamlar o‘rtacha 5-10 foizga o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkin.
Kompaniyaning firibgarliklari oshkor bo‘lgach, Mitsubishi Motors aksiyalari kamida 40 foizga arzonlashib ketgan va uning yetakchi hamkorlarini ham o‘z domiga tortgan edi.