Jahon | 10:32 / 25.04.2016
2387
2 daqiqa o‘qiladi

Pekinda Xitoyning eng yirik Auto China 2016 avtosaloni ochildi

Xitoy poytaxti Pekin shahrida mamlakatdagi eng yirik xalqaro Auto China 2016 avtosaloni ochildi. 220 ming metr kvadrat maydonda dunyoning 14ta davlatidan keltirilgan mingtadan ortiq avtomashinalar namoyish etilgan. Bu haqda TASS xabar berdi.

Tashkilotchilarning hisobiga ko‘ra, bu yil “Innovatsiyalardan transformatsiyalar tomon” shiori ostidagi ko‘rgazmaga 800 mingdan ortiq odam, jumladan, bir necha ming jurnalistlar tashrif buyuradi.

Pekin avtosalonida ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan marosimda 1600 stend taqdim etiladi. Bunda mutaxassislar va havaskorlar avtomobillarning 1179 modeliga baho berishlari mumkin. 112ta xalqaro yangi modellar, 47ta kontsept-kar hamda yangi quvvat manbaida harakatlanuvchi 147ta gibrid va avtomobillar namoyishi kutilmoqda.

Mehmonlarning e'tiborini jalb etish uchun ishlab chiqaruvchilar futuristik kontsept-mashinalar, "Formula-1” bolidlari, rariret avtolar, shuningdek turli texnik yangiliklarni taqdim etishdi.

Bu yilgi ko‘rgazmada McLaren, Aston Martin, Bentley, Lamborghini, Ferrari, Toyota, Volkswagen, BMW, Rolls-Royce, Audi, Subaru, Mercedes-Benz, Mazda, Honda, Suzuki, Nissan va boshqa mashhur ishlab chiqaruvchilar ishtirok etadi.

Birinchi to‘rt kunda ko‘rgazmaga faqat jurnalistlar va soha vakillari tashrif buyurishi mumkin. Keng omma uchun ko‘rgazma eshiklari 29 apreldan ochiladi va 4 mayga qadar davom etadi.