Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Turkiya chegarasida mobil raketa tizimlarini joylashtiradi
Amerikaliklarning baravariga o‘t ochish reaktiv tizimi shu yilning may oyida Turkiya va Suriya chegarasiga joylashtiriladi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlyut Chovusho‘g‘liga asoslanib, Haber Turk telekanali xabar tarqatgan.
“Bizning asosiy maqsadimiz – Suriya shimolidagi 98 kilometrli Menbich hududini IShID jangarilaridan tozalash. Lekin bizning artilleriyamiz harakat davomiyligi 40 kilometr. Amerika HIMARS tiziminiki esa 90 kilometr. Biz AQSh bilan kelishdik va shu yilning may oyida qurollar Turkiya chegarasiga o‘rnatiladi”, - dedi vazir.
Uning aytishicha, shu yo‘l bilan IShID faoliyat yuritayotgan hududni butunlay olov ichida qoldirish va mo‘'tadil muxolifatchilarga hududni egallash imkonini berish mumkin bo‘ladi.
“Ushbu majmualarni joylashtirgandan keyin shu mintaqada o‘z-o‘zidan xavfsizlik hududi hosil bo‘lib qolmaydi. AQSh prezidenti Barak Obama oxirgi bayonotida Suriyada xavfsizlik hududi tashkil etilishiga qarshi emasligini ma'lum qilgan. Germaniya ham bizning ushbu masala bo‘yicha qarashlarimizni qo‘llab-quvvatlaydi. Ya'ni, nihoyat, ular xavfsizlik hududi va Suriyada sodir bo‘layotgan boshqa voqealar bo‘yicha Turkiyaning haq ekanini tushuna boshladi”, dedi Chovusho‘gli.
Vazirning aytishicha, hududni IShIDdan samarali ravishda ozod etish uchun “Suriya mo‘'tadil muxolifatchilarini ham havodan, ham Turkiya chegarasi quriqligidan qo‘llab-quvvatlash lozim”.
Chovusho‘g‘li so‘z yuritgan Menbich mintaqasi – Afrin va Jarablus shaharlari o‘rtasidagi 98 kilometrli hudud. Turkiya aynan shu yerda xavfsizlik hududini yaratishga urinmoqda. Shunda IShID kuchlarini Turkiya chegarasidan uzoqlashtirish, chegaraga yaqin Turkiya shaharlarini xavfsizligini ta'minlash va qochqinlarni Turkiyadan olib o‘tish zaruratisiz Suriyaga olib kirish imkoni tug‘iladi. HIMARS – AQSh qurolli kuchlari tasarrufidagi yuqorimobilli baravar o‘t ochish reaktiv tizimi hisoblanadi.