Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"Knauf" O‘zbekistonda quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqaruvchi yangi zavod quradi
Germaniyaning "Knauf" kompaniyasi yaqin 5 yil ichida Buxoro viloyatida quruq qurilish qorishmalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi zavod qurishni hamda amaldagi gipsokarton ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sputnik nashri muxbiriga "Knauf Gips Buxara" kompaniyasi bosh direktori Dmitriy Deripalko ma'lum qildi.
Deripalkoning aytishicha, kompaniya bu zavodni 3 bosqichda barpo etadi. Bu ishlar natijalariga ko‘ra, korxona quruq qorishmalarni ishlab chiqarish hajmini 2 barobarga, gipsokarton zavodi quvvatlarini modernizatsiya qilgandan keyin gipsokarton ishlab chiqarish hajmini 30 foizga oshira oladi.
Deripalkoning fikricha, hozirda respublikada "Knauf" mahsulotlariga talab har doimgidan yuqoriroq bo‘lib, bu mahsulotlar namunaviy uylar, ko‘p qavatli binolar va boshqa yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda keng qo‘llanmoqda.
Deripalkoning ta'kidlashicha, kompaniya 2015 yili 24 mln kvadrat metr gipsokarton va 50 ming tonna quruq qurilish qorishmasi ishlab chiqargan. Qurilish materiallarning katta qismi mahalliy bozorda sotilgan.
"Knauf" O‘zbekistonda 2005 yildan boshlab faoliyat yuritib keladi: kompaniya o‘sha yili "Buxorogips" zavodining yirik aksioneriga aylanib, o‘z zimmasiga zavodni rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha investitsion majburiyatlarni olgan. Zavod 2009 yilda jiddiy rekonstruksiya qilingandan keyin quruq qorishmalar ishlab chiqarishni boshlagan. Kompaniya ikki yildan keyin Buxoro viloyatida gipsokarton listlari ishlab chiqaruvchi zavod ochgan. Nemis kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyati davomida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish uchun umumiy hisobda 63 mln dollar sarflagan.