Nazarboyev: Men qahramon yoki xosiyatli emas, balki sizlarning biringizman
26 aprel kuni Qozog‘iston xalqlari Assambleyasi XXIV sessiyasi vaqtida, mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyev, Fokker-100 samolyoti ekipaj komandiri Dmitriy Rodinga murojaat etib, Bek Air samolyotini avariyadan qanday qutqarib qolganiga qiziqdi, deb xabar qilmoqda “Novosti-Kazaxstan” axborot agentligi.
Prezident va uchuvchi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qisqa muloqot chog‘ida, hodisaga oid tafsilotlarga oydinlik kiritilgan. Shunday savollardan biriga javob bergan Rodin, "ha, siz haqsiz, samolyot old shassisi ochilmay qolgani orqa shassi nuqsonidan ko‘ra yaxshiroq edi", degan fikrni bildirgan.
Dmitriy Rodinning aytishicha, "so‘nggi vaqtlarda ko‘pchilik uni qahramon deb atamoqda. Aslida u vatan oldidagi fuqarolik burchini bajargan xolos".
"Bizning samolyotda 116 yo‘lovchi bor edi. Nursulton Abishevich, "Qozog‘iston" nomli samolyot shturvali sizning qo‘lingizda va siz 17 million yo‘lovchini olib ketmoqdasiz", — degan kapitan.
"Shu boisdan ham men doimo aytamanki "men qahramon yoki xosiyatli emasman, balki sizlardan biringizman". Demak biz ikkimiz tengmiz", — deb qayd etgan Qozog‘iston prezidenti.
"Farqimiz shundaki, siz kuniga minglab kutilmagan vaziyatlarga duch kelasiz, ammo ularning barchasida g‘alaba qozonasiz", — deb qo‘shimcha qilgan Rodin.
"Ha, har kuni", — deya uning fikrini ma'qullagan Nazarboyev.
Eslatib o‘tamiz, Qizil O‘rdadan Ostonaga parvoz qilayotgan Bek Air aviakompaniyasining Fokker-100 havo layneri mamlakat poytaxtiga avariyali qo‘nishni amalga oshirgan edi. U qo‘nishga hozirlik ko‘rayotgan vaqtda old shassisi ochilmay qolgan edi.
Uchuvchining mohirligi sabab jiddiy talofatning oldi olingan, yo‘lovchi va ekipaj a'zolaridan hech kim jabrlanmagan edi.