OAV: IShID jangarilari guruhi Stokgolmda teraktlar uyushtirishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkin
Shvetsiya xavfsizlik xizmati (SÄPO) Iroq xavfsizlik xizmatidan IShID a'zolari bo‘lgan 7-8 kishilik guruh mamlakat hududiga o‘rnashgani va poytaxt Stokgolmda navbatdagi teraktlarni amalga oshirishga tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma'lumot olgan. Bu haqda nomini sir tutishni istagan manbaga asoslangan holda Expressen xabar tarqatgan.
"Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, jangarilar Shvetsiya poytaxtidagi fuqarolarga hujumlar uyushtirishni rejalashtirgan", deb yozadi gazeta.
Shvetsiya politsiyasi hozircha bu xabarga munosabat bildirmagan va tekshiruv olib bormoqda.
Belgiyadagi teraktlardan keyin Yevropadagi turli davlatlarning maxsus xizmatlari o‘zaro axborot almashishni kuchaytirgan.
Eslatib o‘tamiz, Belgiya poytaxti Bryussel shahridagi aeroport va metroda 22 mart kuni teraktlar amalga oshirildi. Natijada, 32 kishi halok bo‘lgan va 350 nafar atrofidagi kishi jarohatlangan. Bu terakt uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga olgan.