Jahon | 15:52 / 26.04.2016
2570
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda yuz bergan tabiiy ofat 7 million somdan ortiq talofat yetkazgan

Mamlakatning bir necha viloyatlarida mavsumiy tabiiy ofat, sel kelishi kuzatilgan. Surunkali yomg‘ir yog‘ishi natijasida O‘sh, Jalolobod, Chuy va Botken viloyatlariga jiddiy talofatlar yetgan, deb xabar qilgan «24.kg» agentligi favqulodda vaziyatlar vaziri Kubatbek Boronovdan iqtibos keltirgan holda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jiddiy zararlangan uylar, jabrlanganlar yoki qurbonlar yo‘q.
«Respublika iqtisodiyotiga yetkazilgan zarar 7,314 million somni tashkil etgan. Yaroqsiz holga kelgan bino yoki inshootlar mavjud emas», — degan vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda kanallarni tozalash, yo‘llarni ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

«Jabrlanganlarga alohida yordam ko‘rsatish zarurati yo‘q. Kimnidir ko‘chirish yoki yangi uy qurish ham shart emas. Ba'zi uylarning yerto‘lasi suv bilan to‘lgan, ammo bino konstruksiyasi butun», — deb ma'lum qilgan Kubatbek Boronov.

Shu bilan birga, uning aytishicha, ajratilayotgan mablag‘lar vazirlik faoliyatiga yetarli emas. Xususan, 2016 yilda davlat byudjyetidan vazirlik ehtiyojining 40-41 foizi ajratilgan. Bu raqam 2015 yilda 39 foiz, 2014 yilda 37 foizni tashkil etgan.