17:16 / 27.04.2016
1475

YeI qrim tatarlari majlisi taqiqlanganini tanqid qildi

Yevropa Ittifoqi qrim tatarlarining milliy birlashmasi Majlis faoliyati taqiqlanganiga nisbatan keskin tanqidiy munosabatini bildirdi. Deutsche Welle radiosi Yevropa tashqi siyosat mahkamasiga tayangan holda shu haqda xabar qilmoqda.

«Qrim oliy kengashining qrim-tatar xalqining o‘z-o‘zini boshqarish organi bo‘lgan Majlis faoliyatini "ekstremistik tashkilot" talqini bilan taqiqlash borasidagi bugungi qarori qrim-tatarlar huquqining jiddiy poymol etilishini anglatadi», — deyiladi matbuot xizmati bayonotida.

Hujjatda qayd etilishicha, Rossiya hukumatining bunday siyosati Qrim yarimorolidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning yanada keskinlashuvi, xususan kamchilikni tashkil etuvchi xalq vakillarini ta'qib qilishga olib keladi.

Bundan tashqari, Yevropa tashqi siyosat mahkamasining fikricha, Qrimda inson huquqlari bilan bog‘liq umumiy holatni shu sohaga oid xalqaro me'yorlarga va halqaro huquqning boshqa majburiyatlariga moslashtirish lozim.

Avvalroq, Yevropa kengashi bosh kotibi Torbyorn Yagland, qrim tatarlari majlisi faoliyatini taqiqlash to‘g‘risidagi sud qarorini bekor qilishga chaqirgan edi.

26 aprel kuni Qrim oliy sudi Rossiyada qrim tatarlari majlisi faoliyatini taqiqlagan edi. Sud qaroriga ko‘ra, endilikda Majlis ekstremistik birlashma hisoblanadi.

Top