Sport | 16:01 / 27.04.2016
2519
3 daqiqa o‘qiladi

Nikolay Markov: «O‘zbekiston terma jamoasida o‘ynash uchun jiddiy taklif olmaganman»

Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Rossiyaning «Krasnodar» klubi himoyachisi Nikolay Markov O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqirilishi imkoniyatlari borasida gapirib o‘tdi.

«O‘zbekiston terma jamoasiga Vadim Abramov bosh murabbiy bo‘lgan paytlarda men bilan aloqaga chiqishgandi. Lekin, taklif jiddiy bo‘lmagan. O‘sha paytlarda «Krasnodar» safida tarkibga muqim o‘rnashish harakatida edim.

Rossiya klublarida legionerlar bilan bog‘liq alohida limit va cheklovlar mavjud.

«Krasnodar» o‘rtamiyona jamoa emas va klubda yuqori saviyadagi ko‘plab futbolchilar borligi sabab raqobat juda kuchli. Asosiy tarkibdan joy olish uchun kuchli kurash ketadi. Shuning uchun men jiddiy bo‘lmagan taklifga katta e'tibor bermaganman. Bundan tashqari, Abramov bilan Toshkentning «Traktor» klubida o‘ynagan vaqtimdan aloqalarimiz yaxshi emasdi. Hozir ham mabodo, O‘zbekiston termasidan taklif tushadigan bo‘lsa yana yuqoridagi jihatga e'tibor qaratishga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston termasining o‘yinlarini doim kuzatib boryapman. Chaqiruv masalasiga kelsak, jahon chempionatida maydonga tushish har bir futbolchida bo‘lgani kabi men uchun orzu.

«O‘zbekiston - vatanim. Umuman olganda, milliy terma jamoada o‘ynash - har bir futbolchining burchi deb hisoblayman. Agar murabbiylar shtabidagi rasmiy shaxslar men bilan jiddiy tarzda qiziqadigan bo‘lsa, bu masalada suhbatlashishga tayyorman», deya Markovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Uff.uz internet nashri.

Ma'lumot uchun, o‘z vaqtida Toshkentning «Traktor» jamoasida to‘p surgan Markov hozirda Rossiya fuqarosi sifatida «Krasnodar» safida to‘p surib kelmoqda. Agar u O‘zbekiston terma jamoasi safida maydonga chiqadigan bo‘lsa, Rossiya chempionatida legionerga aylanishi va kuchli raqobat tufayli maydonga tushish imkoniyati pasayib ketishi mumkin bo‘ladi.

Intervyu oluvchi: Elmurod Ermatov