Nyu-Yorkda yashovchi erkakdan deyarli ikki metrlik timsoh musodara qilindi
Nyu-Yorkning Long-Aylend orolida yashovchi erkakdan uzunligi 1,8 metrlik alligator musodara qilindi, deb xabar bermoqda Fox News telekanali. Erkak alligatorni o‘z uyining orqa hovlisida qafasda saqlagan. Erkakka yirtqich hayvonni tegishli idoralarning ruxsatisiz saqlash ayblovi qo‘yildi.
Nyu-York atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasida bunday sudralib yuruvchilarni faqatgina ilmiy, o‘quv maqsadlarida yoki keng ommaga namoyish qilish uchungina maxsus ajratilgan joylarda saqlashga ruxsat berilgani aytildi.
"Alligatorni qo‘lga o‘rgatish kerak, bunday o‘lchamdagi hayvonlar juda xavflidir. Ular ovqat berayotgan odamning qo‘lini uzib olishi mumkin", deb hisoblamoqda Saffolk okrugining hayvonlarni beshafqat muomaladan saqlash jamiyati rahbari Roy Gross.
Erkakning ismi oshkor qilinmagan. Nazorat idoralari xodimlari uning uyiga ko‘rsatma bo‘yicha kelganlar.
2016 yil fevralda Florida shtati huquq-tartibot muassasalari xodimlari yo‘l yoqasidagi kafening buyurtmalar olinadigan darchasiga alligator uloqtirgan 23 yoshli Joshua Jyeymsni hibsga olgan. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, yigit Royal Palm Bich qishlog‘idagi Wendy’s restoraniga kelib, o‘ziga gazli ichimlik buyurtma qilgan. Ofisiant Joshuaga ichimlikni olib kelgandan keyin, u avtomobilining orqa o‘rindig‘idan bir metrlik alligatorni olib, uni buyurtmalar olinadigan darchaga uloqtirgan.
Yigitga og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hujum va xavfli hayvonga noqonuniy egalik qilish va tashish bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ayblanuvchining o‘zi esa alligatorni yo‘lda topib olganini aytgan. Shundan keyin alligator ozodlikka qo‘yib yuborilgan.