Oloy bozorining kirish qismida demontaj ishlari yakunlandi
26 apreldan 27 aprelga o‘tar kechasi Oloy bozorining kirish qismidagi arka va markaziy darvoza atroifdagi kafelarni demontaj qilish ishlari (qismlarga ajratish ishlari) tugallandi. Arka o‘rniga yangi imorat barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
UZ24 xabariga ko‘ra, bozor ichkarisida rekonstruksiya ishlari davom etmoqda, qurilish hududi brezent mato bilan o‘rab qo‘yilgan.
Ta'mirlash ishlari natijasida shu vaqtgacha bozorda savdo qilgan sotuvchilar boshqa yerga — bozor yonidagi avtoturargoh yaqiniga ko‘chirilgan.
27 fevral kuni Oloy bozorida keng miqyosli qayta qurish amalga oshirilishi haqida xabar berilgan edi. Unga ko‘ra, savdo nuqtalarining «hammasi birda» shaklida ixchamroq va qulayroq joylashuvini tashkil etish, rejalashtirilgan. Natijada savdo hududlarida kerakli barcha oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni topish mumkin bo‘ladi.
29 fevral kuni Toshkent shahridagi Oloy bozorida keng miqyosli qayta qurish ishlari boshlab yuborilgandi.
Bundan tashqari, Mirobod bozorida ham rekonstruksiya ishlari olib boriladi, u yerda asosiy bino yangilanadi. Ikki bozordagi ta'mirlash ishlariga jami 15 milliard so‘m ajratilgan.
Qurilish va ta'mirlash ishlarini 2016 yilning avgust oyi oxirigacha tugatish ko‘zda tutilgan.