Jamiyat | 20:23 / 27.04.2016
2371
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi haj ibodati oldidan zarur tavsiyalar berdi

Saudiya Arabistoni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan haj ibodati mukammal ado etilishi va mavsum davomida turli epidemiyalarning oldini olish maqsadida hojilarga, shuningdek, umra ziyoratchilariga ovqatlanish, dori-darmonlar iste'mol qilish va o‘z vaqtida dam olishlari bo‘yicha muayyan tavsiyalar berildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati xabar tarqatgan.

Xabar qilinishishicha, Saudiya hukumati alohida e'tibor berayotgan masalalardan asosiysi - Ebola kasalligi va nafas yo‘llari sindromi (MERS) xastaligi Yaqin Sharq formasining oldini olishdan iborat.

Xususan, hojilarning ovqatlanishi umumiy ruxsat bilan tashkil etilgan, sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan maxsus joylarda tashkil etilishi lozim.

Shubhali taomlarni, xususan, xom tuxumni iste'mol qilish mumkin emas. Mehmonxonada tayyor taom zarurat tug‘ilganida, faqat sovutgichlarda saqlanishi zarur.

Qandli diabet xastaligi bor hojilarga qand miqdori pasayib ketishi oqibatida yuz berishi mumkin bo‘lgan charchoq xuruji, bosh aylanish kabi ko‘ngilsiz holatlar oldini olish maqsadida o‘zlari bilan qand, shirinlik yoki boshqa o‘zlariga mos vositalarni olib yurish, o‘z vaqtida dam olish, dori-darmonlar va ovatlarini vaqtida iste'mol qilish, ko‘proq suyuqlik ichish tavsiya etiladi.

Buyrak kasalligi bor kishilar safar oldidan shifokorga murojaat qilishlari, shifoxonada barvaqt yotib profilaktik muolaja olishlari, safar davomida oftob tig‘idan o‘zini ehtiyot qilishlari, belgilangan parhezga rioya qilishlari tavsiya etiladi.

Qon bosimi va yurak-qon tomir xastaliklari bor kishilarga me'yoridan oz tuz solingan taom iste'mol qilish, yog‘li va konservalangan oziq-ovqatlarni iste'mol qilishdan tiyilish, jismoniy katta kuch talab qiladigan ishlardan o‘zini ehtiyot qilish, kofe, achchiq choy ichish va tamaki mahsulotlari chekishdan o‘zini tiyish tavsiya etiladi.

Vazirlik surunkali kasalligi bor kishilarga muborak safar davomida bu haqda guruh rahbari va shifokorlarga ma'lum qilib qo‘yish, o‘zlari bilan shaxsiy meditsina kartalari nusxasini olishlari zarur deb ta'kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, navbatdagi mavsumda O‘zbekistondan 5200 kishi Haj ibodatini ado etadi.