Vostochniy kosmodromidan birinchi raketa parvozi bir kunga qoldirildi
Rossiyadagi yangi Vostochniy kosmodromidan "Soyuz-2.1a" raketa-tashuvchisining parvozi bir kunga surildi. Bu haqda "Roskosmos" davlat korporatsiyasi ma'lum qildi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi. Ma'lum qilinishicha, parvoz texnik sabablar ko‘ra qoldirilgan.
Raketa orbitaga "Lomonosov", "Aist-2D" koinot qurilmalari va SamSat-218 nanoyo‘ldoshini olib chiqishi kerak edi.
Bu parvoz kosmodromdan amalga oshiriladigan ilk parvoz bo‘lib, u 27 aprel Moskva vaqti bilan soat 05:01 ga (Toshkent vaqti bilan 07:01) belgilangan edi.
Rejalashtirilgan parvozdan bir necha soat avval kosmodromga Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Rogozin va "Roskosmos" rahbariyati yetib keldi. Aynan Rogozin yangi lavozimga tayinlangandan keyin kosmodrom qurilishini nazorat qilgan.
Rossiyaning birinchi fuqarolik kosmodromi 700 kvadrat kilometrlik maydonni egallaydi hamda 2007 yilda foydalanishdan chiqarilgan Svobodniy kosmodromi yaqinida joylashgan.
Kosmodrom parvoz maydonlari va raketalarni uchirishga bevosita aloqador bo‘lgan infratuzilmani o‘z ichiga oladi. Kosmodromda aerodrom uchun maydon ko‘zda tutilgan, fazogirlarni tayyorlash uchun obektlar, ikkita zavod (vodorod va kislorod-azot ishlab chiqaruvchi) va boshqa ko‘plab inshootlar barpo etilmoqda. Kosmodrom yaqinida Uglegorsk posyolkasi negizida Tsiolkovskiy fanlar shahri bunyod eitlmoqda, uning aholisi 2018 yilga kelib 25 ming kishiga yetishi kerak.
2015 yil 14 oktabrda Vladimir Putin kosmodromdan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan parvozni 2015 yil 25 dekabridan 2016 yil bahoriga ko‘chirgandi. Putin bunga sabab sifatida koinot sohasida xatolarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, shuning uchun barcha qurilish va sozlash ishlarini tegishlicha yakunlash kerakligini aytgan.