Jamiyat | 21:07 / 28.04.2016
4649
2 daqiqa o‘qiladi

“Shum bola – 2016” bolalar va yoshlar uchun III o‘zbek va nemis kinolari festivali boshlandi

Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “Shum bola – 2016” bolalar va yoshlar uchun III o‘zbek va nemis kinolari festivali boshlandi. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.

O‘zbekistonda uchinchi marotaba o‘tkazilayotgan «Shum bola» festivali Germaniyaning «Schlingel» bolalar va o‘smirlar uchun filmlar xalqaro festivali direksiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Toshkent va Farg‘ona shaharlarida tashkil etiladigan «Shum bola – 2016» kino bayramida nemis kinoijodkorlarining bolalar uchun suratga olgan eng sara sakkizta filmi yosh tomoshabinlar e'tiboriga havola etiladi. Har bir namoyish oldidan o‘zbek kinematograflarining «Shiroq haqida afsona», «Jasur tipratikan», «Ayiqcha», «Ochko‘z xo‘rozcha», «Donishqishloq hangomalari», «Kuch – birlikda», «Bor baraka», «Sohibjamol qo‘g‘irchoq», «Oq tovuq», «Sarishtali uy – farishtali uy» kabi animatsion filmlari bolalarga taqdim etiladi.

«Shum bola» festivali doirasidagi kartinalar namoyishi 1 mayga qadar Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi hamda 3-5 may kunlari Farg‘ona shahridagi teatr va konsert saroyi, san'at kollejida bo‘lib o‘tadi.

Festival o‘zbek animatsion film ijodkorlarining «Bor baraka» multfilmi hamda germaniyalik kinochilarning «Qarsildoq va sichqonlar qiroli» badiiy filmi namoyishi bilan boshlandi.