Booking.com rahbari qo‘l ostidagi xodimasi bilan ishqiy munosabatda bo‘lgani sababli iste'foga ketdi
Priceline va Booking.com ijrochi direktori Darren Xatson qo‘l ostida ishlovchi xodimasi bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lgani sababli iste'foga ketgani ma'lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda Daily Mail nashri.
Ma'lum qilinishicha, oilali bo‘lgan sayohatlar sohasida ishlovchi kompaniya boshlig‘i Xatson firma ishchisi bilan ishqiy munosabatlarda ekanligi aniqlangan tergovdan keyinoq o‘z lavozimini tark etdi, chunki bu kompaniyaning axloq kodeksiga zid keladi.
Xatson, shuningdek, Priceline Group Inc.’ning eng yirik bo‘linmasi Booking.com bosh direktori lavozimini ham tark etdi.
Xatson Priceline’ga 2014 yanvardan boshchilik qila boshlagan. Uning rahbarligida restoranlarni bronlash OpenTable xizmati bilan 2 mlrd dollarlik bitim tuzilgan.
Xatson rahbarligida Priceline’ning bozor qiymati bir yil ichida 178 foizga ko‘tarilib ketgan. Xatson Booking.com jamoasiga qo‘shilgandan keyin firmaning operatsion daromadi 1,40 mlrd dollardan 3,26 mlrd dollargacha o‘sgan, ishchilar soni esa 4 yil ichida 5 mingdan 15 minggacha ko‘paygan.