20:49 / 28.04.2016
9846

Bugun O‘zbekiston Xalq artisti Zulayho Boyxonova tavallud topgan kun!

1963 yil, 28 aprelda tavallud topgan O‘zbekiston Xalq artisti Zulayho Boyxonova Mamajonovna 1980 yilda o‘rta maktabni tamomlab, hujjatlarini (1981 yilda) Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent teatr va rassomchilik instituti (musiqali drama)ga topshirdi.

1986 yilda institutni muvaffaqiyatli tamomlagan aktrisa ijodiy faoliyatini Muqimiy nomidagi O‘zbek Davlat musiqali drama teatridan boshlab, sahnada “Mashrab” spektaklida Ofoqoy, “Alpomishning qaytishi”da Barchin, “Quduq tubidagi faryod” sahna asarida Toshbuvi, Shuningdek, Nodirabegim (“Nodirabegim”), Fotima (“Fotima va Zuhra”), Oyjamol (“Taqdir”), singil (“Aka-uka sovchilar”) kabi bir qator bosh rollarni ijro etdi.

Betakror ijrosi va rollari bilan teatr san'atiga qo‘shgan hissasi uchun aktrisa 1996 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 2003 yilda esa O‘zbekiston Xalq artisti unvoniga loyiq deb topildi.

2005 yilda Zulayho Boyxonova “Sahnamiz farishtasi” nominatsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan taqdirlandi.
2011 yilda esa «El-yurt hurmati» ordeniga sazovor bo‘ldi.

Ayni damda aktrisa va xonanda Zulayho Boyxonova O‘zbekiston Xalq artisti Abduxoshim Ismoilov rahbarligidagi «Ofarin» milliy ansamblida yakkaxon xonanda sifatida faoliyat yuritmoqda.

Bugungacha “Na qilay”, “Sarob”, “Xay-xay”, “Alla”, “Bo‘lmasa”, “Sevasanmi”, “Rashk”, ”Sen bahorni sog‘inmadingmu?” kabi qo‘shiqlar xonandaning ijodiy repertuarini bo‘yitib kelmoqda.

Ayni damda tavallud ayyomini oilasi davrasida nishonlayotgan Zulayho Boyxonovaga Kun.uz sayti xodimlari sog‘lik, omad va ijodiy parvozlar tilab qoladi!

Top