Eron mudofaa vazirligi: AQShning Suriyaga 250 nafar harbiysini jo‘natishi agressiya hisoblanadi
Eron mudofaa vaziri Husayn Dehqon RT telekanaliga bergan intervyusida bayonot berishicha, Amerika maxsus bo‘linmalarining 250 nafar askarlarini Suriyaga safarbar etish, xalqaro xuquq me'yorlarini buzish va agressiya akti hisoblanadi.
"Bizning fikrimizcha, bu xalqaro huquq me'yorlariga zid keladi va mamlakat ichki ishlariga aralashish hisoblanadi. Amerikaliklarni u yerga kim taklif qildi? Ularning maqsadi nima?" — deb savol bilan murojaat qilgan Eron mudofaa vaziri.
Dehqonning qayd etishicha, rasmiy Tehron Damashqqa maslahatlar berib, harbiylarini o‘qitishda yordam bermoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, Eron Suriya hukumati murojaat qilgan taqdirda har qanday yordam ko‘rsatishga tayyor.
Shu bilan birga, terrorizmga qarshi kurashni sulh imzolangan vaqtda ham to‘xtatib bo‘lmaydi. Raqibning qayta shakllanishi va moliyaviy ko‘mak olishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham shunday qilish kerak, degan Husayn Dehqon.
25 aprel kuni AQSh prezidenti Barak Obama, Vashington Suriyaga 250 nafar harbiy xizmatchisini yuborishini aytgan edi. Ularning vazifasi, Pentagon ma'muriyati uqdirishicha, terrorchilarga qarshi kurashishda mahalliy jangchilarni tayyorlashdan iborat bo‘ladi.