Jahon | 12:20 / 28.04.2016
1703
2 daqiqa o‘qiladi

Kanada zilziladan aziyat chekkan Ekvadorga 1,6 million dollar ajratadi

Kanada hukumati kuchli yer silkinishidan katta ziyon ko‘rgan Ekvador hukumatiga yordam tariqasida 2 million Kanada dollari (taxminan 1,6 million dollar) ajratdi. Bu haqda davlat tashqi ishlar vaziri Stefan Dion bergan ma'lumotga tayanib TASS xabar berdi.

Belgilangan yordam pullari Ekvadorga turli xalqaro jamg‘armalar, jumladan, BMT jamg‘armasi orqali yuborildi. Qolaversa, 24 aprel kuni Lotin Amerikasi davlatida Kanadaning “Qizil xoch” dala kasalxonasi tashkil etildi. Zilzila sodir bo‘lganidan keyinoq Ekvadorga Kanadaning falokat ko‘lamini baholash guruhi yuborilgan, ular hozirgacha mamlakatdagi vaziyatni o‘rganishda davom etmoqda.

7,8 magnitudali zilzila 16 aprel kuni Manabi provinsiyasining Pedernales shahrida sodir bo‘lgan. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofati natijasida 655 nafar odam nobud bo‘lgan, 48 kishi bedarak yo‘qolgan, 17 ming nafardan ortiq kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish