O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash uchun grant mablag‘lari taqdim etiladi
2016 yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi, YUNISEF va Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda bolalar o‘limi holatlarini yanada kamaytirish maqsadida Emlash va Immunlash Global Alyansi (EIGA) missiyasini qabul qildi.
Aytish joizki, O‘zbekistonning emlashni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi so‘rovi ikki yil muqaddam EIGA tomonidan ma'qullangan va 20,5 mln. AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari ajratishga qaror qilingan edi.
YUNISEF saytida joylangan xabarga ko‘ra, ushbu grant mablag‘i 2016 yilning ikkinchi yarmida ajratiladi.
Al'yans tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga xarid qilinadigan yangi uskunalar vositasida O‘zbekistonda emdorilarni ishlab chiqaruvchidan to emlanuvchigacha bo‘lgan jarayonda bir xil sharoitda saqlash imkonini beruvchi tizim — sovuqlik zanjiri tizimi modernizatsiya qilinadi. Ushbu tashabbus, vaksinalarning ta'sirchanligi va xavfsizligini ta'minlashga katta hissa qo‘shadi. Yangilangan tizim, harorat tartibiga yaxshiroq rioya etish imkonini beradi.
2016 yilda O‘zbekiston hukumati, sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash byudjyetini to‘ldirish maqsadida yana 4,5 mln AQSh dollar ajratishni so‘rab murojaat qilishni rejalashtirgan.